Toshkentdagi Vestminster universiteti talabasi Kamronbek Osimjonov TikTok-videolardan “suv belgisi” (watermark)ni olib tashlash imkonini beruvchi Telegram-botni ishlab chiqqani va uni qanday qilib Rossiya kompaniyasiga sotgani haqida Spot’ga hikoya qilib berdi (“Daryo” esa ushbu hikoyani o‘zbek tiliga o‘girdi).

Foto: Spot

Kamronbek Osimjonov — TT Save Bot’ni ishlab chiqqan talaba

So‘nggi yillarda tanishlarim Instagram orqali pul ishlay boshladi, bu meni ham befarq qoldirgani yo‘q. Oxir-oqibat men ham shunga o‘xshash nimadir qilish — akkaunt ochib, uni tanitib, so‘ng unda reklama sotish g‘oyasi haqida tinimsiz o‘ylay boshladim.

Shu maqsad yo‘lida birinchi qilgan ishim dasturlash bo‘yicha o‘zimga o‘qituvchi topish bo‘ldi. Ustozim Ruslan Yo‘ldoshev menga ishni eng sodda narsalardan, masalan, Telegram-botlar tayyorlashdan boshlashni taklif qildi. Biz ikki yilcha birga shug‘ullandik, u hamon menga ko‘mak berib turadi, ishlanmalar va biznes bo‘yicha maslahatlarini ayamaydi.

Kamronbek Osimjonov.

Foto: Instagram / @kamronbek_29

Telegram-botning imkoniyatlari

Mening birinchi ishlanmam YouTube’dan video ko‘chirib oladigan bot edi. Men uni ishlab chiqish va rivojlantirishga yarim yilcha vaqt sarfladim, ammo u ommalashmadi, chunki tarmoqda shunga o‘xshash muqobil xizmatlar yetarlicha edi.

Shundan so‘ng men 30 mingtadan obunachisi bor ikkita Telegram-kanalimni tanitishga qaror qildim. Bu kanallarda o‘sha vaqt endi-endi ommalasha boshlagan TikTok’dan olingan kulgili videolarni e’lon qilib borardim.

TikTok’dan ko‘chirib olingan videolarda servisning “suv belgisi” (logotipi) qolib ketar, bu esa menga yoqmasdi. Shuningdek, bu narsa kanal foydalanuvchilarini ham seskantiradi, chunki video boshqa birovga tegishli ekani ko‘rinib qolardi. Shu yo‘sinda videodan “suv belgisi”ni o‘chirib tashlaydigan TT Save Bot’ni tayyorlash g‘oyasi paydo bo‘ldi.

Ammo bunday bot ham tarmoqda na birinchisi va na oxirgisi edi. Vaziyatni yaxshilab o‘rganib, bir necha million obunachiga ega ikki asosiy raqobatchim taklif qilayotgan xizmat beqaror ekan, degan xulosaga keldim.

Raqobatchilarimdan birining foydalanuvchilar bazasi haddan tashqari katta va yuklamaga bazo‘r bardosh berardi, shuning uchun ham qay bir lahzada u ishdan chiqib, shunchaki ishlamay qoldi. Oqibatda uning foydalanuvchilari muqobil taklifni izlay boshladi. Bu raqobatchim qulagan kuni mening botim obunachilari soni 50 mingga ko‘paydi.

Ikkinchi raqobatchim esa bot nomida treydmark (savdo belgisi) bo‘lgani bois — ya’ni, uning nomida “TikTok” so‘zi ham bor edi — foydaluvchilarni yo‘qota boshladi. Bu taqiqlangan uslub — botning savdo belgisini qo‘shib nomlab bo‘lmaydi, shu bois bot ustidan shikoyat qilingan va u Apple foydalanuvchilariga ko‘rinmaydigan bo‘lib qolgan.

Shunday qilib, ikki oy ichida ikkita yirik raqobatchi bozordan chiqib ketdi, biroq ular taklif qilgan xizmatga talab kattaligicha qolaveradi. Men o‘z botimni eski Telegram-kanallarimda reklama qila boshladim, do‘stlarimdan shu botga obuna bo‘lishni iltimos qildim. Bir yil ichida botim foydalanuvchilari soni 4,6 milliongacha ko‘paydi, bot sotilayotgan vaqtda (2021-yilning sentabrida) esa botga har kuni o‘rtacha 20 ming foydalanuvchi qo‘shilayotgan edi. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich.

Oradan ma’lum fursat o‘tib, turli mamlakatlardagi foydalanuvchilar botga boshqa tillarni ham qo‘shishni iltimos qilib yoza boshladi, chunki bot bu vaqtgacha faqat rus va o‘zbek tillarida ishlardi. Botga bosqichma-bosqich ingliz, ispan va indonez tillarini qo‘shdim va uning shu tillarda so‘zlashuvchi auditoriyasi faol o‘sayotganini ko‘rdim. TikTok’dagi akkauntimning lokatsiyasini o‘zgartirib, bot boshqa mamlakatlarda qanchalik ko‘p tilga olinayotganini kuzatdim — bilsam, botni xorijiy blogerlar ham tavsiya qila boshlagan ekan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *